Ko‘hna Ark saroyi

Ark so‘zi -  “Ichon-qal’a”, “podshohning shahar ichidagi qo‘rg‘oni”, “hukmdorning qarorgohi”, “qasr” ma’nolarini bildiradi. Xivadagi xonlar qarorgohining yangi binolari Toshhovli saroyi va Nurullaboyda ko‘rinishxonalar qurilishi qadimgi xonlar qasrini Ko‘hna ark nomi bilan atalishiga sabab bo‘lgan.  Xonning qarorgohi – Arkda davlat hayotiga tegishli siyosiy, iqtisodiy, diniy va boshqa barcha masalalar hal etilgan. Arkda xon va uning oilasidan tashqari xonlikning butun bosh mahkamasi joylashgan.  
Ark oldidagi maydonda xonlikning har xil bayram tantanalari o‘tkazilgan. Xon chiqishi marosimi o‘tkazilgan, hukmdorning farmoni oliylari xalqqa  o‘qib eshittirilgan. Xon  saroyi haqida 1863 yilda Xivaga  kelgan venger olimi Arminiy Vamberi shunday yozadi:-“O‘rta Osiyodagi barcha hukmdorlarning saroyi kabi Xiva Arki ham juda mustahkam va ikkita  qal’a devori bilan o‘rab olingan. Arkka kiraverishda ikkita to‘p turadi. O‘ymakor naqshlar bilan bezatilgan bu to‘plar, aftidan Dehlida ishlangan bo‘lsa kerak”. Xiva xonlarining qarorgohi-Arkning ichki maydoni bir gektardan ziyodroq bo‘lib, unga asosiy sharqiy darvozasidan kiriladi. 
Ark darvozasi mirshab boshliq o‘ndan ziyod navkarlar tomonidan qo‘riqlangan.    Arkning darvozasi ham xuddi shaharning bosh darvozasi  Polvon darvoza kabi  mavqei   baland   bo‘lgani uchun  bu  erdagi mirshablarga ham ikki hissa ziyodroq haq berilgan.  
Xonlik davrida Ark ichiga kirilgach, to‘g‘ri dahliz orqali xon qabulxonasiga borilgan. Qabulxona oldida maxsus tekshiruvdan o‘tkazilib, qabulga qo‘yilgan.
Xiva xonligida Arzxona, salomxona, ko‘rinishxona nomlari bilan atalgan Arkning qabulxonasi bitta katta ayvon, uning to‘rida hukmdor taxti o‘rnashgan qishgi qabulxonadan iborat bo‘lib,  uning atrofi devonxona, xazina va boshqa xizmat xonalari bilan o‘rab olingan. Ayvon oldidagi dumaloq supa ustiga oq kigiz bilan bostirilgan o‘tov o‘rnatilgan. Bu oq uy – o‘tovda ko‘chmanchi qozoq, qoraqalpoq biylari va turkman sardorlari qabul qilinib, asosiy marosim tugagach, ziyofat berilgan. 
Yangi xonga toj kiygizib,  taxtga ko‘tarish marosimi ham shu erda bo‘lib o‘tgan.
 Ko‘hna Arkning g‘arbiy qismidagi Oq Shayx bobo ko‘shki,   rivoyatlarga ko‘ra, XIV asrda yashab o‘tgan Shayx Muxtor Valining qadamjosi bo‘lgan. Aytishlaricha, bu ko‘shkda oq yaktak kiygan mo‘ysafid chol yashagan ekan. Shuning uchun bu tepalik Oq Shayx bobo nomi bilan atalgan ekan. Aslida, bu tepalik  xon saroyining kuzatuv joyi bo‘lib, undan shahar atrofi yaqqol ko‘rinib turadi. Tepalikning pastida erdan ikkinchi qavatda harbiy qurol-aslahalar saqlanadigan katta xona va uning pastida porox, o‘q-dori saqlanadigan ombor mavjud. Mana shu tepalik saroy g‘arbiy devorining qoq o‘rtasidan ikkiga ajratib turadi. Janub tomonida xon qabulxonasi va davlat idoralari, shimol tomonda haram joylashgan. Haramda xon oilasi yashagan va unda tug‘uruqxona ham mavjud bo‘lgan. Haram bilan qabulxona orasidagi qum to‘shalgan maydonda xon uchun har xil sport musobaqalari, otlar ko‘rgazmasi, ot sporti, qo‘chqor, tuya urishtirish tomoshalari ko‘rsatilgan. Zaruriyat tug‘ilganda shu erdan qurol-yarog‘ ham tarqatilgan.  
Arkning ichidagi alohida bir hovli ichida yozgi va qishgi masjid binolari, zarbxona joylashgan. Yozgi masjid devorlari Olloqulixon davrida chiroyli koshinlar bilan bezatilgan va she’riy ta’rixlar bitilgan. 
 Ko‘hna Ark saroyida Qadimgi Xorazm muzeyi, Xiva – 2500 doimiy ko‘rgazmasi, Zarbxona va devonxona interьerlari joylashgan.