Pahlavon Mahmud majmuasi

Pahlavon Mahmud (1247 – 1326) maqbarasi – Samarqandda Shohi Zinda, Buxoroda Bahouddin Naqshband maqbaralaridek e’zozlanadigan o‘zbek, turkman, qoraqalpoq va boshqa xalqlarning muqaddas ziyoratgohi, Xiva me’moriy obidalari ichida eng chiroyli va hashamatlisidir.   
 Maqbaraning umumiy hajmi 50x30 m bo‘lib, dastlab Pahlavon Mahmud qabri ustiga XIV asrda mo‘’jaz sinchkori imorat qurilgan. Majmuaga shimoliy tomondagi darvozaxona orqali kiriladi. Darvozaxona eshigidagi yozuvga ko‘ra, Pahlavon Mahmud majmuasining darvozaxonasini 1701 yilda Shohniyozxon qurdirgan.   
Gumbazning naqshin bezaklari, asosan, moviy rang sirli sopollardan terilgan. Bino ichkarisi nafis bezatilgan. Uning izorasidan tortib gumbazli qubbasigacha oq va moviy naqshli bezaklar orasidagi kitobaga Pahlavon Mahmud ruboiylari bitilgan. Xonaqohning g‘arbiy eshigi orqali ziyoratxonaga va maqbarasiga o‘tiladi. Unda Pahlavon Mahmudning sirkor sag‘anasi joylashgan. 
Pahlavon Mahmud majmuasidagi asosiy binolar Odina Muhammad Murod boshchiligida qurilgan. Bezaklarini Mulla Nurmuhammad Qalandar o‘g‘li, So‘fimuhammad Abdujabbor o‘g‘li va Abdulla “jin”lar bajargan. Ziyoratxona eshigi tashqari eshik usta Nurmuhammad tomonidan (1810) ishlangan. 1960 yilda usta Ro‘zimat Masharipov ishtirokida qorixona va ayvon ta’mir etilgan.  
Pahlavon Mahmud (Puryoyvaliy, Qitoli) – shoir va mutafakkir. Tasavvuf yo‘lidagi ulug‘ peshvolaridan biri. Fors-tojik tilida ijod qilgan.  Po‘stindo‘zlik, telpakdo‘zlik bilan shug‘ullangan. Saqlangan rivoyatlarga ko‘ra Hindiston va Eronda polvonlikda dong taratgan. Shunga sabab, Pahlavon Mahmud deb atalgan.