Anushaxon hammomi

Xiva xonligidagi bugungi kungacha saqlanib qolgan hammomlardan biri Anusha Muhammadxon hammomi bo‘lib, uni 1657 yilda Abulg‘ozixon o‘g‘lining urushdagi jasorati uchun mukofot sifatida qurdirgan.  
Anusha Muhammadxon hammomi ancha murakkab plan asosida qurilgan. Hammomda dahliz, kiyimxona, sovunxona, isiriqxona, issiq va sovuq suv turadigan hovuzchalar bor. Xonalarning o‘zaro bog‘lanishi qadimgi hammomlar tartibini saqlagan. Yuvinish uchun tartib qat’iy o‘rnatilgan, seshanba kuni ayollar, payshanba kuni martabali zotlar, xon va uning yaqinlari, juma kuni ulamolar, din arboblari, boshqa kunlari esa shahar aholisi va qishloqlardan kelgan kishilar yuvinganlar. Hammom xonlik tasarrufida bo‘lib, unga vaqf erlari ham ajratilgan. Hammomga  teri kasalliklari bilan og‘rigan kishilar kirishi man qilingan. 
Hammom  ixtisoslashgan shifoxona vazifasini ham bajarib, bu erda tibbiy uqalash seanslari ham o‘tkazilgan.   Issiq bug‘dan bod, oyoq-bo‘g‘im xastaliklarini davolashda foydalanganlar,  alohida xonada  tish og‘rig‘idan forig‘ qilish uchun tish    olib   tashlangan. Shuningdek, xafaqon (qon bosimi)  xastaligiga duchor bo‘lgan bemorlardan qon ham olingan. Xafaqon dardiga mubtalo kishilardan ortiqcha qonni olish orqali qon bosimi – normallashtirilgan.  
 Mijozlar uchun hammomda choyxona bo‘lib,  unda ular o‘zaro suhbatlashib, hordiq chiqarishlariga   sharoitlar yaratilgan. Xuddi shu choyxona vazifasini bajargan maxsus xonada oddiy choydan tashqari, shifobaxsh  o‘simliklarning ildizi, bargi, mevasi va gulidan damlangan choy va boshqa dorivor suyuqliklar tayyorlangan. Hammomni aynan o‘zida giyohlardan tayyorlangan turli xastalarga shifo damlamalar savdosi yo‘lga qo‘yilgan.
2012 yilgacha faoliyat yuritgan hammomni bugungi kunda ta’mirlashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.