Juma masjidi

Juma masjid o‘rta asrlarda shaharning ko‘zga ko‘ringan binolaridan biri edi. O‘ziga xos qurilishi va hajmi bilan ajralib turgan.

Bu yodgorlik Xorazmning qadimgi masjidlarni eslatadi. Ancha katta 55x46 metrli maydonni egallab, ko‘p ustunli qilib qurilgan.

Bu bino «Ichon-Qal’a»ning sharqiy va g‘arbiy darvozalarini o‘ragan katta ko‘cha yoqasida joylashgan. X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohi al-Maqsidiy Xivaning Juma masjidini birinchi marta tilga oldi. Biroq ko‘pdan beri yashab kelayotgan Xivaliklarning aytishlariga qaraganda, Ko‘hna masjid buzilib ketgan va uning o‘rniga 1788 yili xuddi o‘sha reja asosida ancha kengaytirib hozirgi masjid bino qilingan.

Masjid binosining tashqi ko‘rinishi juda sodda, balandligi 4,5 metr, minoraning balandligi esa 42 metrga teng. Juda masjid bir qavatli tekis tomli imorat bo‘lib, 213 ta ustuni bor. Masjidning mehrobi xonaning janubiy devorida joylashgan. Mehrob, odatdagidek, alohida ko‘rinib turishi uchun uning yonlariga baland tokchalari ishlangan bo‘lib, shifti esa balandroq qilib qurilgan. Mehrobning ikki yonidagi devorlariga o‘rnatilgan marmar toshlarga o‘ymakor xatlar bitilgan, xatlarning biri hijriy sana 1203 (1788-89) masjid mulki va mablag‘ hadya etilishi munosabati bilan tuzilgan vaqfnoma, ikkinchisi esa 1666 yilda yozilgan masjid tarixiga oid ma’lumotdir.

Aholi orasida masjid XVIII asrning oxirlarida ta’mir qilingan, degan fikr mavjud. Janubiy fasadiga o‘ymakor eshikka bitilgan xatda ham shu haqida aytilgan. Unda 1788-89 yillarda Abdurahmon Mextar ismli shaxs boshchiligida masjid ta’mirlandi deyilgan.

Masjidda qadimgi naqshinkor ustunlardan 15 tasi saqlanib kolgan, 8 ta ustun Toshkentda O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanmoqda.

Professor Ya.G‘ulomov fikricha, bu ustunlarning ba’zilari butun O‘zbekistonda yog‘ochga o‘yma naqsh solish san’atining eng qadimgi yodgorliklardir. Bu nodir yodgorlikni 1979 yili arxitektor Sonechkin loyihasi asosida ta’mirlash boshlanadi. Juma masjidning 108 ta ustuni 1983 yili aholidan sotib olingan. XVIII-XX asr boshlariga oid naqshindor ustunlar bilan almashtirilgan. 1996-1997 yillarda Juma masjidi ta’mirlandi va ko‘pchilik ustunlar almashtirildi.