Komil Xorazmiy uy muzeyii
Komil Xorazmiyning uy muzeyi uning o‘zi qurdirgan qorixonasiga joylashtirilgan. Qorixona Pahlavon Mahmud maqbarasining g‘arbiy tomonidadir. Amaldor va badavlat kishilar hayot vaqtlarida  o‘zlariga abadiyat uylari qurdirib, unga qori qur’onlar ham belgilab qo‘yganlar. Komil Xorazmiy ham shulardan biri bo‘lib, o‘z qorixonasiga, ya’ni o‘zining qabri ustiga bitta dahliz va ikkita xonadan iborat imorat bino qildirgan. Qorixonaga o‘z mulkidan vaqf ajratib, qorilar tayinlab qo‘ygan. Qori - qur’onni qiroat bilan yoddan o‘quvchi kishiga beriladigan nom.  Qorixonalarga berkitilgan qorilar har kun kelib, shu joyda dafn bo‘lgan kishilar ruhiga qur’on sura va oyatlaridan o‘qib, savobini qabrdagilarga baxshida qilgan. Buning uchun vaqfdan tushgan daromadlardan o‘z ulushini olib, vaqf daromadini ham boshqargan. Bundan tashqari, qabr egasining avlodlari, qarindoshlari va istagan muxlis kelib, qoriga duo fotiha qildirib, pul yoki buyum berib ketgan. Qorixonalarda  bitta shaxs yoki bir xonadan a’zolari dafn qilinishi mumkin bo‘lgan.  
Komil Xorazmiy (1825-1899) Xiva xonligida ko‘zga ko‘ringan amaldor, mirzaboshi, devonbegi lavozimlarida ishlagan.  Komil - ulug‘ shoir, tarjimon, sozanda, bastakor, xattot va davlat arbobi Pahlavonniyoz Abdulla oxund o‘g‘lining adabiy taxallusidir.   
 Komil Xorazmiy asarlarini o‘z ichiga olgan devonlar bizgacha qo‘lyozma va toshbosma holida etib kelgan.  Devonning birinchi nashri hijriy 1298 yilda (1881y.) Xiva  toshbosmasida bosilgan.  Qorixona g‘arbiy tomonidagi maydonga joylashgan imoratlar, Komil Xorazmiyning ona tomonidan bobosi Xo‘jash mahram va Pahlavonniyozlar xonadoniga tegishli erlar sanalgan. 
Bu maydondagi Komil Xorazmiyning yashagan uyi bugungi kungacha saqlangan va hozirgi kunda uning avlodlari tomonidan “Mirzaboshi” xususiy firmasiga aylantirilib, sayyohlarga mehmonxona xizmatini ko‘rsatmoqda