Mozori Sharif madrasasi

Madrasa Pahlavon Mahmud maqbarasi kirish eshigidan sharqiy tomonda bo‘lib,  1882 yilda qurilgan. Ixchamgina qilib bitkazilgan bu madrasaning   qurilishi haqida xivaliklarda shunday rivoyat bor. Madrasaning egasi haj safaridan qaytishda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida kasallanib qolgan va agar omon-eson etib kelsa, Xivada shu shahar nomiga bir madrasa qurishni niyat qilib qo‘ygan ekan. Kelgach va’dasida turib, madrasani qurdiribdi va “mening Mozori sharifim” shu erda ekan deb, xudoga shukronalar aytibdi.  Xiva xonligi davridagi shoirlar haqida tazkira tuzgan Hasanmurod qori Laffasiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, bu madrasada 1906 yilda 54 yoshida vafot etgan To‘ra Murod to‘ra  dafn qilingan. Murodiy taxallusi bilan she’rlar yozgan To‘ramurod  to‘ra Muhammad Rahimxon – Feruzning  inisi edi.