Muhammad Aminxon Madrasa

Xiva shahrida 64 ta madrasa mavjud bo‘lib, shular ichida eng yirigi va chiroylisi Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan madrasa hisoblanadi.

Madrasa Ichan qal’aning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o‘ng tomonda joylashgan.

Madrasa pishiq g‘ishtdan qurilib, uning devorlarining qalinligi 1,5 metrga etadi. Madrasa 2 qavatli, 130 hujradan iborat bo‘lib, tarixiy ma’lumotlarga asosan unda bir vaqtning o‘zida 260 nafar talaba tahsil olgan.

Madrasa me’moriy jihatdan boshqa shu kabi binolarga o‘xshash, bino simmetrik tarzda, ikki qavatli qilib qurilgan, tarhi to‘g‘ri burchakli, hovlili. Peshtoqning ikki yoniga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Bosh tarzini besh gumbazli miyonsaroy, masjid, darsxona va qo‘shimcha xonalar egallagan. Hovlining ikki yonida kichik peshtoqlar bor.

Birinchi qavatdagi hujralar yotoqxona va yordamchi xonalar sifatida xizmat qiladi, ikkinchi qavatdagi ravoqli peshayvon binoga fayz bag‘ishlagan. Ichkari hovlida to‘rtta kichik peshtoqlar ham mavjud bo‘lib, ularda “ta’liq” xatlari bitilgan koshinlar, bezaklar ham mavjud. Derazalarda ganchdan ishlangan panjaralar qurilgan. Pastida devor va asosi orasiga nam o‘tkazmaydigan qatlam (gidroizalatsiya)-tosh belbog‘ (poyas)ni balandligi 68 sm qilib qo‘yilgan.

Madaminxon madrasasi-deb yozadi 1863 yilda Xivaga kelgan sayyoh A.Vamberi: “Karvonsaroy tipida qurilgan bo‘lib, yonidagi minorasi xonning halokati tufayli bitmay qolgan. Madrasada diniy va dunyoviy ilm berilgan, ayni paytda ko‘ngilochar o‘yinlar, shuningdek ashula aytish man qilingan. Madrasada o‘qish muddati chegaralanmagan bo‘lib, ayrim talabalar bir kursda 3-4 yil o‘qishgan. Madrasada ta’lim 3-bosqichda olib borilgan,

1.            Boshlang‘ich “adno”

2.            O‘rta “avsat”

3.            Yuqori “a’lo” guruhlarida.

Boshlang‘ich bosqichda arab grammatikasi, mantiq, shariat qonunlari, diniy urf-odatlar, arab va fors tilidagi adabiyotlar o‘rgatilgan. Qolgan ikki bosqich davomida talabalar “tahsib” (mantiq), ilohiyot, huquqshunoslik va boshqa fanlarni qunt bilan o‘rganishgan.

Madrasaga o‘n besh yoshga to‘lgan har bir musulmon farzandi, savodi va iqtidori inobatga olingan holda qabul qilinardi. Ularni mulla yoki tolib ul ilm deb ataganlar. Madrasani bitkazgan talabalar orasidan shoirlar, muarrixlar, hattotlar, olim va fuzalo kishilar etishib chiqqan. Madrasada katta kutubxona va musulmon Oliy Sud boshqaruvi joylashgan”.