Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi

Muhammad Aminxon madrasasi

XIX asr o‘rtasida hukmronlik qilgan Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi qadimiy Xiva obidalarining chiroyli namunalaridan biri hisoblanadi.
Madrasa Ichan qal’aning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o‘ng qo‘lda joylashgan. 
2 qavatli madrasa pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, uning devorlarining qalinligi 1,5 metrga etadi. Madrasa, 130 hujradan iborat bo‘lib, tarixiy ma’lumotlarga asosan unda bir vaqtning o‘zida 260 nafar talaba tahsil olgan. 
Madrasa me’moriy jihatdan boshqa shu kabi binolarga o‘xshash, bino simmetrik tarzda, ikki qavatli qilib qurilgan, tarhi to‘g‘ri burchakli, hovlili. Peshtoqning ikki yoniga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Bosh tarzini besh gumbazli miyonsaroy, masjid, darsxona va qo‘shimcha xonalar egallagan. Hovlining ikki yonida kichik peshtoqlar bor. Birinchi qavatdagi hujralar yotoqxona va yordamchi xonalar sifatida xizmat qiladi, ikkinchi qavatdagi ravoqli peshayvon binoga fayz bag‘ishlagan. Ichkari hovlida to‘rtta kichik peshtoqlar ham mavjud bo‘lib, ularda imorat tarixidan ma’lumotlar beruvchi epigrafik yozuvlar  bitilgan koshinlar, bezaklar ham mavjud.  
Bugungi kunda Muhammad Aminxon madrasasi sayyohlar uchun  Mehmonxonaga aylantirilgan.  

Ko‘k minora

Ko‘k minor nomi bilan mashhur bo‘lgan bu minor Muhammad Aminxon  tomonidan   madrasa  yonida  qurilgan.  Uning ko‘rinishi kesik konus  shaklida bo‘lib, balandligi  28  metr, diametri 14,5 metr.  Minora o‘z davrida “Ulli (ulug‘) minor”, “Ko‘k minor” nomlari bilan atalgan. O‘z davrining shoirlari uning qurilishi nihoyasiga etganini   she’riy tarixlarida ta’riflashgan. “Madrasa peshgohida bir minorai oliy bino qildirdilarkim, sutun yanglig‘ gardun ayvoniga hamsar (falak ayvonining ustunidek), balki kayvon saqafiga barobar edi (osmon gumbaziga barobar edi)” – deb yozgan edi Ogahiy. Ushbu minora xivalik shoir, tarixchi va davlat arbobi Muhammad Rizo Ogahiyning ko‘z oldida qurilgan. Ogahiy uning bitkazilishi tantanasiga birnecha she’riy ta’rixlar bitgan. Ulardan biri minoraning tepasiga chiroyli koshin plitkalarga yozib o‘rnatilgan. Yozuvlar sho‘rolar davrida qo‘porib tashlangan edi. Mustaqillikdan keyin bu yozuvlar shoirning qo‘lyozma asaridan topilib, qayta tiklandi.