O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Xorazmga tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27-yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti Xorazm viloyatida ham ulkan o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Shaharu tumanlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, istiqbolli investitsiyaviy loyihalar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 22-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida 308 million dollardan ortiq investitsiya hisobidan 432 sanoat korxonasi tashkil etildi.

Shavkat Mirziyoev 2016-yil 11-noyabr kuni Shovot tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Xorazm viloyati iqtisodiyotini ham modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tibbiyot, turizm, san’at va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga oid aniq rejalarni bayon etgan edi.

Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishish, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlandi.

Prezidentimizning viloyatga tashrifi Xivadagi Ichan-qal’a majmuasidan boshlandi.

Muzey-qo‘riqxona – Ichan-qal’a majmuasi xalqimiz tarixi, madaniyati, ilm-fani, qadimiy me’morlik va hunarmandlik an’analarini mujassam etgan. Insoniyatning bebaho boyligi sifatida YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Muzey fondida 38 ming 561 eksponat bor. 2016-yilda Ichan-qal’aga 75 mingga yaqin kishi, jumladan, 84 mamlakatdan 34 ming sayyoh kelgan.

Xorazmda bunday tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar juda ko‘p. Ular zamon talablari asosida ta’mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. 2016-yilda xorijlik sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti 2013-yilga nisbatan 20 foiz oshgan.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Pahlavon Mahmud maqbarasi ziyorat qilindi.

Davlatimiz rahbari Matniyoz Devonbegi madrasasida Xiva shahrining tarixiy qismida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi, Isfandiyorxon qabul marosimlari uyi va Nurillaboy saroy majmuasini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi.

Prezidentimiz Xorazmning turizm borasidagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, mehmonxonalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Zotan, turizm mamlakat iqtisodini rivojlantirish, ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim sohalardan hisoblanadi.

Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi. Shaharning turizm jozibadorligini oshirish maqsadida saylgoh ko‘chalar tashkil etish va kechki sayr imkoniyatini yaratish, ularda milliy urf-odatlarimiz va ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan suhbatda tarmoqda xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, suvenir ishlab chiqaradigan korxonalarni ko‘paytirish xususida so‘z bordi. Soha mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi.