Yog‘och o‘ymakorlik san’ati

Qadim zamonlarda qayerda markazlashgan davlat shakllangan bo‘lsa, shu joyda hunarmandchilik, ilm-fan, san’at gurkirab rivojlangan. Yangi-yangi saroylar, uy-joylar, madrasa, masjidlar qurilgan, albatta ularni qurganda binoni mustahkamligini, go‘zalligini oshirish maqsadida ustunlar, darvozalar, eshiklar yog‘ochdan ishlangan. Ularning ko‘pchiligi naqshinkor bo‘lib bugungi kungacha kishilarni hayratga solib kelmoqda. XIX asr boshlarida Xiva xonligi taxtiga Qo‘ng‘irot sulolasi vakillari kelganlaridan keyin Xiva shahrini qayta qurish ishlari boshlanib ketdi va shaharda bir talay yangi inshootlar barpo qilindi. Xiva xonlari va amaldorlari tomonidan qurilgan binolarni Xorazmning yog‘och o‘ymakor ustalari o‘zlarining chiroyli, ulug‘vor ustunlari va bejirim darvoza hamda eshiklar, panjaralari bilan bezaganlar. Bu san’at asarlarini yaratgan ustalar o‘z davrida nomlari doston bo‘lgan insonlar bo‘lib, ularning ishlarini hozirda farzandlari hamda shogirdlari davom qildirmoqdalar.

XIX asr boshlarida Xiva xonligi taxtiga Qo‘ng‘irot sulolasi vakillari kelganlaridan keyin Xiva shahrini qayta qurish ishlari boshlanib ketdi va shaharda bir talay yangi inshootlar barpo qilindi. Xiva xonlari va amaldorlari tomonidan qurilgan binolarni Xorazmning yog‘och o‘ymakor ustalari o‘zlarining chiroyli, ulug‘vor ustunlari va bejirim darvoza hamda eshiklar, panjaralari bilan bezaganlar. Bu san’at asarlarini yaratgan ustalar o‘z davrida nomlari doston bo‘lgan insonlar bo‘lib, ularning ishlarini hozirda farzandlari hamda shogirdlari davom qildirmoqdalar. XIX asrda yaratilgan me’moriy inshootlardagi san’at asarlarida quyidagi yog‘och o‘ymakor ustalarning ismlari har zamonda islimiy naqshlar orasida uchrab turadi. 

Mashhur xalq ustasi koshinpaz, naqqosh Abdulla jin Shayxlar qishlog‘idan, Masharif naqqosh Mevaston mahallasidan, Matkarim naqqosh, Momit o‘rachi va o‘g‘illari Bolta o‘rachi, Xo‘ja o‘rachi, Abdurahmon usta Matkarim usta o‘g‘li (Sapo Bog‘bekovni bobosi), Ota Polvonov, Bog‘bek Abdurahmonov kabi ustalar o‘z hunarlari ila xon va uning amaldorlari tomonidan qurilgan inshootlardagi darvoza, eshik va ustunlarni qalb qo‘rlari ila yaratganlar. Qadim Xorazmda har bir usta yog‘och o‘ymakorligining ma’lum bir sohasi bo‘yicha ijod qilgan. Masalan: – mashhur ustalar avlodidan bo‘lgan Safo Bog‘bekov, otasi Bog‘bek Abdurahmonov, bobosi Abdurahmon Matkarimovlar faqat qo‘shtabaqali o‘yma darvoza va eshiklar ishlash bilan shug‘ullanganlar, ustalardan Momit o‘rachi va uning o‘g‘illari Bolta, Xo‘ja o‘rachilar faqat naqshinkor ustunlar ishlaganlar, Xivaning mashhur xalq ustasi Ota Polvonov ko‘pincha o‘ymakor ustun ishlab, ayrim vaqtlardagina qo‘shtabaqali eshiklar yasagan, Shayxlar qishlog‘ida yashagan mashhur xalq ustasi Abdulla jin bir vaqtda o‘ymakor ustunlar uchun tut va gujum daraxtlaridan ustun tagliklari hamda koshinpazlik, naqqoshlik san’ati bilan shug‘ullangan. Yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanadigan ustalar naqqoshlar bilan hamkorlik qilib takrorlanmas san’at asarlarini yaratganlar. 

Deshon qal’aning Mevaston mahallasida yashovchi Masharif naqqosh ustun va ustun tagliklari uchun “ulgi” lar chizgan, Ichon qal’alik naqqosh Abdulla Boltaev bir vaqtning o‘zida qo‘shtabaqali darvoza, eshik, ustunlarga ulgilar chizib qolmasdan sangtaroshlar va ganchkorlarga ham islimiy va gireh naqshlarni Xorazmni aylanma naqshlari bilan uyg‘unlashtirib ulgilar chizib bergan. Mashhur xalq ustasi Ota Polvonov shogirdi Sapo Bog‘bekov bilan birgalikda naqqosh Abdulla Boltaev ulgisi asosida 1937 yilda ustun tayyorlagan, ushbu ustun Parijdagi xalqaro ko‘rgazmaga yuborilgan va yuqori baho olgan (oltin medal va 1-darajali diplom bilan taqdirlangan).

Ota Polvonov 1867 yilda Xivaning Gandimyon qishlog‘ida quruvchi usta Polvon oilasida tug‘ilgan. Uning bobosi Abdusattor va otasi Polvonlar o‘z zamonasining qo‘li gul ustalari bo‘lib, bir talay hunarlarni (quruvchilik, yog‘och o‘ymakorligi, duradgorlik, ganchkorlik) rivojlantirib, xalq xizmatiga ko‘plab shogirdlarni yetkazib berganlar. Ularning qadoq qo‘llarida sayqal topgan qo‘shtabaqali darvozalar, eshiklar, kichik va ulug‘vor o‘ymakor ustunlar bugungi kunda ham ularga tikilgan ko‘zlarni hayratga solib xorazmlik ustalar san’atini naqadar betakror ekanligini yana bir bora isbotlab turibdi. Ota Polvonov 13-15 yoshlarga kirganda yog‘och o‘ymakorligi sirlarini bobosidan o‘rgana boshlagan. Keyinchalik katta-katta qurilishlarda ustalarni yonlarida yurib usta bo‘lib etishgan. U yog‘och o‘ymakorligida juda ko‘p naqsh turlaridan foydalanib, takrorlanmaydigan naqsh kompozitsiyalarini yaratgan. 

Ota Polvonov o‘z ijodiy faoliyati davomida “besh qirrali”, “turunj”, “qo‘shtanop” naqshlar va aylanma cheksiz naqshlar ustida ish olib borgan hamda bu naqshlarni o‘z joyida o‘z vaqtida qo‘llab bilgan. 1935 yilda Xiva shahrida ochilgan “Umid” arteli qoshida naqqoshlik, o‘rachilik tsexi ochilib, unga Abdulla Boltaev va o‘rachilarning bosh ustasi Ota Polvonovlar boshchilik qilganlar, shu orada ularga Toshkentdan nodir bir ustun ishlash to‘g‘risida taklif kelgan, ustun naqshini Abdulla Boltaev tayyorlab, qolgan ishlarni Ota Polvonov ishlagan. 1943 yilda Toshkentdan injener-quruvchi S.N.Polupanov kelib “Umid” arteli bilan shartnoma tuzib, Alisher Navoiy teatri uchun o‘yma narvon (zinapoya), eshik va boshqa naqsh ishlarini buyurgan. Bu ishlarni naqshlari Abdulla Boltaev qo‘lidan chiqqan. Ota Polvonov va uning shogirdlari Dadajon Abdullaev, Sapo Bog‘bekov, Xo‘ja Ahmad Ollaevlarning samarali mehnatlarini mahsuli tayyor bo‘lgach, Abdulla Boltaev ularni Toshkentga yuborgan. Keyinchalik (1947) ustalar Alisher Navoiy teatrining Xiva zalini yog‘och o‘ymakorligi san’atining eng yaxshi namunalari bilan bezaganlar.

Quyida biz sizga jurnalist, “Ichon qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi “Amaliy san’at” muzeyini-yu ilmiy xodimi marhum Anvar Ismagilovni “Xalq ustalari” deb nomlangan ilmiy maqolasidagi Ota Polvonovning so‘zlarini keltiramiz: “Qadimda yog‘och o‘ymakor ustalari faqat buyurtma asosida ishlashgan. Yog‘och ishlanishdan oldin maxsus tayyorlangan, avvaliga bo‘yiga tomon qarab shoxlari kesilgan va go‘ng yoki somonga ko‘mib quritilgan. Daraxtlar naviga qarab uch yildan yetti yilgacha quritilgan. Keyin ishlash jarayoni boshlangan. Xiva ustalari yog‘ochning tabiiyligini saqlash va uzoq muddatga chidamli hamda chiroyli bo‘lib turishi uchun unga hech qanday bo‘yoq urishmagan. Yog‘och o‘ymakorligida ota-bobolarimiz qadimdan har xil yog‘ochlardan turli maqsadlarda foydalanib kelganlar. Yog‘och materiallari tabiiy guliga, rangiga, tovlanishiga, hidiga qarab aniqlanadi. Xiva ustalari o‘z ishlari uchun eng yaxshi gujum, qayrag‘och, tut, ko‘k terak, o‘rik, olmurut, qaramon kabi mahalliy daraxtlarning eng a’lo navlarini ishlatganlar. Yog‘och o‘ymakorligida naqsh kompozitsiyalarini chizish, o‘lchash va boshqa ishlarda bir qancha o‘lchov asboblari ishlatilgan. Masalan, chizg‘ichlar, pargor (tsirkul), qalamlar, knopkalar, o‘chirg‘ich, uchburchaklar, transportyor va boshqalar”.

Ko‘pchilik hollarda o‘ymakor ustalar naqsh ulgisini naqqoshlardan olishgan, shuning uchun ular naqqoshlar bilan hamkor bo‘lib ishlaganlar. Lekin ayrim hollarda ustaning o‘zi ham naqqosh, ham hattot va o‘ymakor bo‘lgan. Ota Polvonovning shogirdi mashhur xalq ustalarining zurriyodi Sapo otaning aytishicha, naqqoshlar madrasani tamomlagan, tarixni bilgan, musiqa va adabiyotdan yaqindan tanish bo‘lganlar. Ular “ulgi” chizish uchun 5-7 yil ustaga shogird tushishgan. Ko‘pchilik hollarda hunar otadan bolaga meros tariqasida o‘tgan. Ana shunday ustalar shajarasidan birini quyida keltiramiz.

Yog‘och o‘ymakor xalq ustasi Matkarim ibn Muhammad (1768-1859) Xivadagi Gandumkon qishlog‘ida yog‘och o‘ymakori oilasida tug‘ilgan. Naqqosh va o‘ymakor. Uning o‘g‘li Abdurahmon (1832-1928) Gandumkon qishlog‘ida tug‘ilgan. Xorazmda mashhur yog‘och o‘ymakori va naqqosh Bog‘bek Abdurahmon o‘g‘li (1873-1954) Gandumkon qishlog‘idan bo‘lib, otasidan hunarini o‘rganib, 16 yoshida usta darajasiga etgan. U Ota Palvonov, Abdulla Boltaevlar bilan hamkorlikda Isfandiyorxonning qabulxonasi, pochta, xastaxona (kasalxona), Islomxo‘ja madrasasi va minorasi qurilishida qatnashgan. O‘g‘li Sapo Bog‘bekov (1904-1978) ota-bobolarini an’anasini davom qildirib ko‘zga ko‘ringan usta bo‘lib etishadi va 1920 yildan keyin mustaqil eshik va ustunlar ishlab boshlagan.Mashhur usta Ota Polvanov va Abdulla Boltaevlardan naqqoshlik sirlarini yanada puxta o‘rgangan, ular bilan birga ishlab juda ko‘p san’at asarlarini yaratgan hamda avlodlar ishini davom qildirib ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. 1972 yilda uning tashabbusi bilan Xiva shahrida ochilgan “Yog‘och o‘ymakorligi” guruhida har yili o‘nlab yoshlar o‘qib-o‘rganib, qadimgi Xorazm san’atini hozirgacha asrab avaylab kelmoqdalar. 

Xiva shahri yodgorliklaridagi o‘yma naqshlik eshik, darvoza, o‘ra (ustun) va o‘ra tosh (ustun tagi)lardagi naqshlarni tahlil qilib qaralsa, ularning naqshlaridan qaysi yuz yillikka mansub ekanligini bilish mumkin. Chunki bu o‘yma naqshlar bir-biridan naqshi bilan farq qilibgina qolmay, ularning ko‘pchiligida ishlangan yili va ustaning nomi, Qur’on oyatlari va hadislar hamda allomalarni ibratli so‘zlari bitiladi.

O‘zgalar g‘amini chekmasa odam, 

Anga noloyiqdir inson degan nom. 

Sa’diy Sheroziy.

Yaxshilar bilan hamsuhbat bo‘lish va donolar bilan muloqot qilish saodatga eltadi. Kimki baxt-iqboli, solih kishilarning etagini tutsa, u albatta murodiga erishib, xayr-u baraka topadi. 

Abulqosim az-Zamahshariy.

Rahmatli Sapo ota Bog‘bekov shogirdlariga shunday deb aytardi: –“Biz ishlagan buyumlar boshqa maktablarnikidan tubdan farq qiladi. Chunki bizlar naqshning eng kichik qismlarini ham nihoyatda nozik qilib ishlov berardik. Buxoroliklar va eronliklarning asosiy naqshlaridan biri “Tojigul” deb ataladi. Xiva naqshlari madohil, olmagul, bitav naqsh, aylanma naqsh, arqon, tirnoq va hokazo. Bularning soni yuzdan ziyoddir. Eng chiroyli naqsh ikki qatlam, ba’zan uch qatlam qilib bajariladi. Xiva ustalari hech qachon bir naqshni ikkinchi marta takrorlamaganlar va boshqa ustadan nusxa olmaganlar. Shuning uchun ham ishlari nihoyatda chiroyli chiqqan, har bir o‘yma naqsh zaminida ramziy ma’no yashiringan bo‘ladi, yana usta “usta-shogird” masalasiga to‘xtalib, shogird hunar o‘rganib ustasini tan olmay va ustasini oq fotihasini olmasdan o‘zim ustaman deb g‘o‘daysa el o‘rtasida beburd bo‘lgan, shogirdsiz ustani el orasida mevasiz daraxtga o‘xshatganlar” deb aytgan.

Hozirda ustalarning avlodlari Masharip, Abdusharif, Hayitboy Bog‘bekov, shogirdi Odamboy Masharipov, Ro‘zmat Otajonov, shogirdi Kamoladdin Kamolov, nevaralari Qo‘ziboy, Boltavoy, Hurmat, Anvar, Oybek, ularning shogirdlari Bahrom Odamboev, Otanazar Ismoilov (1958-2006), Quronboy Ismoilov, Shavkat Jumaniyozov (Qo‘ziboy Sapoev va Ro‘zmat Otajonovlarni shogirdi) Baxtiyor Sobirov, Komiljon, Qahramon, Maqsud, Orifjon, Ilhombek, Ergashbek, Hamrojon, Ne’matjonlar hamda chevara shogird Temurbek ota-bobolarini, ustozlarini ishlarini davom qildirib, xivalik yoshlarga bu hunarni sir-asrorlarini asrab-avaylab o‘rgatib kelmoqdalar.