Musiqali Navoiyxonlik kechasi

2018 yil 6–fevralь kuni Xiva «Ichan – Qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari, Xiva pedagogika kasb - hunar kolleji hamkorligida Xiva «Ichan–Qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi kutubxonasida Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan «musiqali Navoiyxonlik kechasi» tashkil qilindi.

Shoirning xayoti va ijodi, noyob merosi haqida muzey ilmiy xodimlari Z. Meylieva, O.Yusupova, Z.Abdullaeva, F. Ro‘zmetov, U.Usmonova, M.Saidova Z.Boltaevalar ma’ruzalar eshittirildi. Talabalar ham faol ishtirok etib, o‘zlari yod olgan Navoiy g‘azallaridan namunalar aytishdi. Faol ishtirok qilgan talabalar Xiva «Ichan–Qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi ma’muriyati tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

O‘zbek mumtoz adabiyotining XV asrgacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyotiga yakun yasab, uni yanada yuqori pog‘onaga ko‘targan ulug‘ iste’dod sohibi, mutafakkir Alisher Navoiy o‘z ijodiy faoliyati bilan jahon adabiyotining yirik namoyandalari safidan faxrli o‘rin egallagan.

Alisher Navoiy dastlab adabiyotga shoir sifatida kirib kelgan va adabiyotda she’riyat qasrini qurdi, g‘azal mulkining sultoniga aylandi, keyinchalik qator dostonlar yaratdi, adabiyotshunos, tilshunos, davlat va jamoat arbobi sifatida dunyoga tanildi.

O‘zbek adabiyotining asoschisi, shoir, olim, ma’rifatparvar, faylasuf, musiqashunos, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Hirot shahrida tavallud topgan. Uning otasi G‘iyosiddin Muhammad zamonasining bilimdon kishilaridan va Temuriylar xonadoniga yaqin shaxslardan bo‘lgan. U go‘dakligidanoq she’riyatga va ilm olishga qiziqqan, farzandiga ta’lim-tarbiya berish uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qilgan.Alisher yoshligidanoq sharq adabiyotiga, fors she’riyatiga qiziqqan. Uning tog‘alari Mir Sayyid Kobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar o‘sha davrning taniqli shoirlari bo‘lgan. Alisherlar xonadonida tez-tez she’riy suhbatlar bo‘lar, cholg‘uchilar sozi, hofizlarning xonishi doimo eshitilib turgan. Bunday muhit Alisherga ijobiy ta’sir qiladi.

Alisher badiiy asarlarni o‘qish va o‘rganish bilan kifoyalanib qolmay, o‘zi ham she’rlar yoza boshladi. U 10-12 yoshlaridayoq ilk she’rlari bilan mashhur bo‘lib, katta san’atkor va olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qildi. Alisherning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy (Xondamirning xabar berishicha) uning:

Orazin yopqoch ko‘zimdan sochilur har lahza yosh,

Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon  bo‘lg‘och quyosh…

matla’li g‘azalini tinglab, “Agar mumkin bo‘lsa edi, men o‘zimning forsiy va turkiy tillarda aytgan o‘n-o‘n ikki ming she’rimni shu bir g‘azalga almashar edim”,- degan.

Navoiy mantiq, falsafa, riyoziyot va boshqa fanlar bilan shug‘ullanadi. Firdavsiy, Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Sa’diy, Atoiy, Lutfiy va boshqa yozuvchilarning asarlarini qunt bilan o‘rgana boshlaydi.

Olis yulduzlarning nuri ular so‘nganidan keyin ham ming-ming yillar mobaynida ona-Erimizga yog‘ilib turar ekan.

Mir Alisher o‘z davridayoq buyuk daholar safidan mustahkam o‘rin olib, o‘zbek nomini jahonga mashhur qilib, ona xalqimiz timsoliga aylandi, uning ummon qadar bepoyon ijodidan har kim o‘z iste’dodiga yarasha bahramand bo‘ladi. Zero, Navoiyning har bayti hikmatli bir kitob.